FAQ

.
Nima uchun 9-sinf bitiruvchilariga asosiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatning asl nusxasi berilmaydi, faqat foto nusxasi yoki elektron nusxasi beriladi? 11-sinfni tugatganidan keyin sertifikat beriladimi?

O'zbekistonda majburiy o'n bir yillik ta'lim joriy etilganligi va 9-sinf o'quvchilarining ko'pchiligi 10-sinfda o'qishni davom ettirishi sababli 9-sinf bitiruvchilarining sertifikatlari maktabda saqlanadi. Agar talaba 9-sinfni tamomlagandan so'ng akademik litseyga, kasb-hunar maktabiga o'qishga kirsa yoki yangi o'quv yurtidan ma'lumotnoma yoki Kupon asosida boshqa umumta'lim maktabiga o'tkazilsa. Bu masala bo'yicha ota-onalar maktab direktoriga murojaat qilishlari mumkin.

Majburiy o'n bir yillik ta'lim tugagandan so'ng, 11 sinf bitiruvchilariga sertifikat tantanali ravishda topshiriladi.

Ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalariga kirish uchun qaysi fanlardan test oʻtkaziladi?

Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan oʻquvchilarni 5 va 7-sinfga qabul qilish uchun Davlat test markazi tomonidan quyidagi fanlarning tegishliligi boʻyicha bittasidan test sinovlari oʻtkaziladi:

✅filologiya — muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

✅ijtimoiy fanlar — muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

✅aniq fanlar — matematikadan 20 ta, muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

✅tabiiy fanlar — matematikadan 20 ta, muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

✅xorijiy tillar — muassasada taʼlim olib boriladigan xorijiy til (ingliz, nemis, fransuz)dan 20 ta, ona tili va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

✅texnologiya — matematikadan 20 ta, muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli.

Ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarorida alohida fan yoʻnalishlari koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno.

Maktab oʻquvchilariga oltin medal berish shartlari qanday?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 154-sonli qarori bilan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi tacdiqlangan.

✅ Unga koʻra, oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.

✅ Kumush medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar boʻyicha yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.

Umumtaʼlim maktablarining 0,5 stavka shtat birligidagi rahbarlari (maʼnaviy-maʼrifiy hamda oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari) necha soatgacha dars olishi mumkin va ish haqi qay tartibda toʻlanadi?

Umumtaʼlim muassasalari rahbar xodimlariga dars soatlarini ajratish meʼyorlari Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash toʻgʻrisida nizom” asosida tartibga solingan.

Ushbu Nizomning 14-bandiga koʻra xalq taʼlimi muassasasining rahbar xodimi tomonidan asosiy lavozimning bir haftada 10 soatgacha hajmda oʻqituvchi lavozimi bilan qoʻshib olib borilishiga (oʻquv yuklamasi yuritilishiga) yoʻl qoʻyiladi hamda ular mehnatiga soatbay haq toʻlanadi.

Mehnatiga soatbay haq toʻlash miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2019-yil 22-aprelda 3157-son bilan roʻyxatga olingan Qaror bilan tasdiqlangan “Oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazganlik uchun mehnatga soatbay haq toʻlash miqdorlari”ga koʻra belgilanib, umumtaʼlim maktablari pedagog xodimlariga oʻtgan darsi uchun soatbay haq toʻlash miqdorlari tegishli bazaviy lavozim maoshlariga nisbatan 1,2 foizda hisoblab chiqariladi hamda uning tarkibiga mehnat taʼtili haqi kiritilgan.

Men maktabda pensiya yoshidagi oʻqituvchiman, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari agar attestatsiyadan oʻtmasam toifam tushirilishini aytayapti. Aytingchi, shu toʻgʻrimi?

Yoʻq, notoʻgʻri. Maktabgacha ta'lim, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining pensiya yoshida boʻlgan pedagog kadrlari attestatsiyaga oʻz xohishiga koʻra jalb etiladi. Mazkur tartib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-sonli “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi Qaroriga ilova bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bandida belgilab qoʻyilgan.

Attestatsiyaga jalb etilmagan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari va lavozimlari taʼlim muassasalarida ishlagan davrida saqlanib qolinadi.

Keyingi yil noyabr oyida farzandim 7 yoshga toʻladi, uni 1-sinfga bersam boʻladimi?

Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Qonunning (https://lex.uz/docs/5013007) (2020-yil 23-sentyabr) 9-moddasida: “Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi” deb belgilab qoʻyilgan.

Masalan, kelgusi 2021/2022 oʻquv yilida 1-sinfga chiqadigan bolalar 2021-yilning 31-dekabriga qadar yetti yoshga toʻladigan boʻlishi, yaʼni 2014-yilning 31-dekabr kuniga qadar tugʻilgan boʻlishlari lozim.

Shu oʻrinda, ota-onalarga farzandlarini maktabga sifatli tayyorlash maqsadida maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida 6 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarni boshlangʻich taʼlimga bir yillik majburiy tayyorlash tizimi joriy etilishini eslatib oʻtamiz.

Farzandim bu yil maktabga chiqdi, uni maktabga mobil telefon bilan yuborsam boʻladimi?

Yuborishingiz mumkin. Faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq taʼlim muassasasiga kirib kelishda har bir oʻquvchi oʻz telefoni chaqiruv ovozini toʻliq oʻchirib qoʻyishi shart.

Bunda oʻquvchilarga maktabda telefonini boʻyniga osib olish, koʻkrak choʻntaklarida, shim, yubkalari choʻntaklarida saqlash, telefon yordamida atrofdagilarga zoʻravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targʻib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish, taʼlim muassasasida surat va videolar olib, keyinchalik tarqatish taqiqlanadi.

Shuningdek dars vaqtida:

telefon orqali soʻzlashish hamda SMS va boshqa turdagi xabarlarni joʻnatish;

telefonni stol ustiga qoʻyish;

musiqa tinglash;

surat va video tasvirlarni koʻrsatishda telefondan foydalanish, tasvirlar koʻrish, diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yon daftarcha va boshqa xizmatlaridan foydalanish mumkin emas.

Oʻquvchilarga tanaffuslarda faqat asosli va kechiktirib boʻlmaydigan zarur holatlarda ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchilar), yaqin qarindoshlari, taʼlim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bogʻlanish maqsadida telefonlardan foydalanishga ruxsat etiladi.

Oʻqituvchilar tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun pul toʻlaydilarmi?

Mehnat kodeksiga muvofiq ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chogʻida dastlabki tarzda va keyinchalik vaqti-vaqti bilan umumtaʼlim maktablari, maktabgacha tarbiya va boshqa muassasalarning bevosita bolalarga taʼlim yoki tarbiya berish bilan mashgʻul boʻlgan pedagog va boshqa xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilishi shart.

Xodimlar tibbiy koʻriklardan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas.

Tibbiy koʻrikdan oʻtish munosabati bilan xodimdan pul undirilmaydi, shuningdek tibbiy koʻriklarni oʻtkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha oylik ish haqi saqlanadi.

Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida boshlangʻich sinf oʻqituvchisi qaysi fanlardan dars berishi mumkin?

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi diplomida “Boshlangʻich sinf oʻqituvchisi”, “Boshlangʻich taʼlim va tarbiyaviy ishlar metodikasi”, “Boshlangʻich taʼlim va tarbiyaviy ish”, “Pedagogika va boshlangʻich sinflar oʻqituvchisi” kabi ixtisosliklardan biri berilgan boʻlsa, ular umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boshlangʻich sinflarida “ona tili”, “oʻqish”, “tarbiya”, “matematika”, “atrofimizdagi olam”, “tabiatshunoslik”, “tasviriy sanʼat”, “texnologiya” fanlaridan dars berishi mumkin.

Shuningdek, boshlangʻich sinf oʻqituvchisining diplomida “Boshlangʻich taʼlim va sport-tarbiyaviy ish” ixtisosligi berilgan boʻlsa, ular umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boshlangʻich sinflarida “ona tili”, “oʻqish”, “tarbiya”, “matematika”, “atrofimizdagi olam”, “tabiatshunoslik”, “tasviriy sanʼat”, “texnologiya”, “jismoniy tarbiya” fanlaridan dars berishi mumkin. Shu sababli, boshlangʻich sinf oʻqituvchisining tarif stavkasi ushbu fanlar hisobidan toʻldirilishi mumkin.

Bir oʻqituvchi ikkita sinfga rahbar boʻlishi mumkinmi?

2007-yilda tasdiqlangan taʼlim muassasasining sinf rahbari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari oʻziga biriktirilgan sinfga rahbar hisoblanadi.

5-9-sinflarda sinf rahbarlari tajribali oʻqituvchilar orasidan taʼlim muassasasi maʼmuriyati tomonidan tanlab olinib, tayinlanadi.

Bir oʻqituvchiga faqatgina bitta sinf rahbarligi topshiriladi.

Bosh oʻqituvchi malaka toifasiga ega kollej oʻqituvchisi maktabga ishga oʻtsa, toifasi saqlanadimi?

Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-apreldagi 107-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”ning 17-bandiga asosan Maktabgacha, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar hamda maktabdan tashqari taʼlim muassasalari pedagog kadrlarining malaka toifalari yoki lavozimlari mazkur taʼlim muassasalarining bir turidan boshqasiga ishga oʻtganda saqlanadi.

Bunda maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi tizimlari pedagog kadrlarining ikkinchi malaka toifasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining katta oʻqituvchi lavozimiga, birinchi malaka toifasi — yetakchi oʻqituvchi lavozimiga, oliy malaka toifasi — bosh oʻqituvchi lavozimiga tenglashtiriladi.

Maktab oʻquvchilari maktab formasini kiyish tartibiga rioya etmaganida oʻquvchilarga qanday choralar qoʻllanishi mumkin?

Vazirlar Mahkamasi qarori va Xalq taʼlimi vazirligining 208-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomining 18-bandiga koʻra Oʻquvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday oʻquvchilarga quyidagi choralar qoʻllanishi mumkin:

✔️ Ogohlantirish

✔️ Kundalik daftariga qayd etish

✔️ Tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish

✔️ Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va taʼlim muassasasidagi yigʻilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish

✔️ Mazkur nizomga koʻra oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga maktab formasida kelishlarini taʼminlash uchun ota-onalar masʼul hisoblanadi.

✔️ Taʼlim muassasasida oʻquvchilar tomonidan maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilinishi taʼlim muassasasi rahbariyati, sinf rahbarlari, yoshlar yetakchisi va pedagog xodimlar tomonidan nazorat qilib borilishi belgilangan.

Farzandimni bir maktabdan boshqasiga oʻtkazishim mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa qanday amalga oshiriladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining 2015-yil 2-iyundagi “Oʻquvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 13-mh-sonli buyrugʻiga (Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 17-iyunda 2684 raqami bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) asosan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

✅ Farzand taʼlim olayotgan maktab direktori nomiga ariza beriladi. Arizada farzandini boshqa maktabga oʻtkazish sabablari koʻrsatiladi.

Mazkur ariza bir ish kuni ichida koʻrib chiqilib, oʻqish koʻchirilayotgan maktabga taqdim etish uchun tegishli shaklda maktabdan ketish taloni beriladi.

✅ Oʻqish koʻchirilayotgan maktab direktoriga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga maktabdan ketish taloni va yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma ilova qilinadi.

Oʻqish koʻchirilayotgan maktab direktori ariza va maktabdan ketish talonini qabul qilib olingan kunning oʻzida ota-onalarga oʻquvchi taʼlim olayotgan maktabga taqdim etish uchun maktabga kelish talonini berishi lozim.

✅ Farzand oʻqiyotgan maktab direktoriga maktabga kelish talonini berish lozim.

Bunda shu kunning oʻzida oʻquvchini maktab oʻquvchilari safidan chiqarish toʻgʻrisida buyruq qabul qilinadi. Mazkur buyruq bilan ota-onalar tanishtirilib, quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

✔️oʻquvchining maktab oʻquvchilari safidan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma;

✔️oʻquvchining baholar (oʻzlashtirish) tabeli;

✔️oʻquvchining tibbiy kartasi.

✅ Hujjatlarni oʻqish koʻchirilayotgan maktab direktoriga topshirish lozim. Bunda shu kunning oʻzida oʻquvchini maktab oʻquvchilari safiga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.

Oʻquvchini maktab oʻquvchilari safiga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgach, uch kun muddatda sinf jurnali va oʻquvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

FAN O‘QITUVCHILARINING DARS O‘TISHDAN TASHQARI BOSHQA VAZIFALARI HAM BORMI?

Alabtta, fan o‘qituvchilarining dars mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan tashqari boshqa vazifalari ham bor.

Xalq ta’limi vazirining 2019 yil 7 dekabrdagi 393-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari”da umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) o‘qituvchisi lavozimining malaka tavsiflari belgilab berilgan.

Mazkur malaka tavsifiga muvofiq, fan o‘qituvchilari quyidagi vazifalarni ham bajarishi lozim:

✅fakultativ mashg‘ulotlar o‘tkazish, fan to‘garaklarida ishlash, fanlar olimpiadalariga, turli tanlovlarga va festivallarga o‘quvchilarni tayyorlash, o‘quvchilarda bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashni amalga oshirish;

✅o‘quvchilarning darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlanishini va ularning saqlanishini nazorat qilish; 

✅o‘quvchilarning davomat va o‘zlashtirish hisobini olib borish, ularning maktab ustavi talablariga rioya qilishlarini ta’minlash;

✅joriy, oraliq va yakuniy testlar (nazorat so‘rovi), imtihonlar o‘tkazish, o‘quvchilarning yozma ishlari va daftarlarini tekshirish;

✅har bir dars rejalarini, dars o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan didaktik tarqatma va ko‘rgazmali materiallarni ishlab chiqish;

✅o‘ziga biriktirilgan sinf xonalari, laboratoriya xonalaridagi qurilmalar, texnik vositalar, mulk va boshqa moddiy boyliklarning saqlanishini hamda ulardan o‘quv-metodik maqsadlarda samarali foydalanishni ta’minlash;

✅pedagogik kengash, metodik kengash, seminar, trening, majlislarda, ochiq darslarda, hisobotlar tuzishda va metodik materiallar ishlab chiqishda ishtirok etish;

✅pedagogik axloq normalariga rioya qilish, ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash, ularning farzandlarini tarbiyalash va o‘qitish masalalari bo‘yicha individual uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazish;

✅mahalla faollari bilan hamkorlikda bolalarni o‘qishga to‘liq qamrab olish, to‘qqizinchi sinf o‘quvchilarini ta’limning keyingi bosqichlariga jalb qilish masalalari bilan shug‘ullanish.

Endi oʻquvchilarining shahodatnomasida ularning milliy musiqa cholgʻu asbobini chala olish mahorati qayd etiladi.

Prezident qarori bilan 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarga milliy musiqa cholgʻularidan kamida bittasini chala olish mahorati oʻrgatiladi va bu ularning shahodatnomasida qayd etiladi.

Shuningdek, oʻquvchilar uchun milliy musiqa cholgʻulari, tasviriy va amaliy sanʼat, hunarmandchilik yoʻnalishlarida amaliy toʻgaraklar tashkil etish uchun 2022-yilning oʻzida 92 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.

Musiqa fani oʻqituvchilarining milliy cholgʻulardan kamida bittasini, 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab esa kamida uchtasini chala olish mahoratiga ega boʻlish majburiy hisoblanadi.

Ularga asosiy ish joyida ish haqini saqlab qolgan holda, musiqa fanidan dars oʻtish va toʻgarak mashgʻulotlarini olib borishga ruxsat beriladi. Musiqa darslarida «Hayotimga hamrohdir cholgʻu» shiori ostida «cholgʻu ijrochiligi» mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyiladi.

info@maktab.uz
@-
@t.me/SHODLIKMAKTABI
/-